15 sentabr - Halqaro Demokratiya kuni
chop etish rusumi
11/09/2009Gulnoza Saidazimova
15 sentabr kuni jahon bo'ylab Xalqaro demokratiya kuni nishonlanadi.
Xo'sh, demokratiya deganida nima tushuniladi? Nima sababdan dyemokratiyaga bag'ishlab, alohida kunni nishonlash kerak?
Keling avvalambor, shu kun tarixida to'xtalamiz.
2007 yil 8 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 15 sentabrni Xalqaro demokratiya kuni deb e`lon qildi va BMTga a`zo davlatlarga, BMT tizimiga kiruvchi tashkilotlar hamda mintaqaviy, hukumatlararo va nodavlat tashkilotlariga ushbu sanani nishonlashni tavsiya etdi.
Xalqaro demokratiya kuni dunyo bo'ylab demokratiya ahvoliga nazar tashlash uchun yaxshi sababdir.
Joriy yilda BMT bu kunni “Demokratiya va siyosiy bag'rikenglik” shiori ostida nishonlamoqda.
BMT demokratiya tushunchasini quyidagicha ta`riflaydi: “Demokratiya – umumbashariy qadriyat bo'lib, u xalqning o'z siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tizimlarini belgilash xususida erkin bildirilgan fikriga hamda hayotning barcha sohalarida to'la ishtirokiga asoslanadi”.
BMT dunyoda demokratiyaning turli shakllari mavjud ekanligi va ularning o'xshash taraflari va sifatlari ko'pligini e`tirof etsa-da, “demokratiyaning yagona modeli mavjud emas”ligini qayd etadi.
1991 yilda mustaqillikka erishgan O'zbekiston xalqaro hamjamiyatning demokratik davlatlar qatoridan munosib o'rin egallashni maqsad qilib oldi, va ko'p o'tmay, 1992 yil 2 mart kuni, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to'la huquqli a`zo sifatida qo'shildi.
BMT va uning tizimiga kiruvchi turli tashkilotlar mamlakatda o'z vakolatxonalarini ochdi.
BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) o'zining O'zbekistondagi faoliyatini 1993 yanvar oyida boshladi. Demokratik boshqaruvni rivojlantirish BMTTDning mamlakatda olib borayotgan faoliyatida asosiy yo'nalishlardan biri bo'lib belgilandi.
Bugungi kunda BMTTDning demokratik boshqaruv yo'nalishida bir necha loyihalar mavjud bo'lib, ular O'zbekiston hukumati hamda boshqa sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotir.
Tashkilot hamkorlari qatorida O'zbekiston parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirliklar, parlamentning inson huquqlari bilan maxsus vakili - Ombudsman idorasi, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va yana qator oliy o'quv yurtlari, shuningdek, Xotin-qizlar qo'mitasi, Inson huquqlari milliy markazi, va boshqalar bor.
Parlament rolini kuchaytirish O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanini inobatga olgan holda, BMTTD mamlakat Oliy Majlisining ikkala palatasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
“Tashkilotimiz faoliyati faqat vazirliklar yoki parlament bilan hamkorlik bilangina cheklanmaydi. Biz, shuningdek, fuqaroviy jamiyat a`zolari bilan ish olib boramiz”, - deydi BMTTD Samarali boshqaruv bo'limi rahbari Aziza Umarova.
“Biz, xususan, nogiron insonlarning jamiyatga to'laqonli a`zosi sifatida kirishini ta`minlash, ular uchun ish joylarini yaratish orqali daromadini oshirishga yordamlashish, va shuningdek, gender, ya`ni ayol va erkaklarning teng huquqligi tamoyillarini hayotning barcha sohalariga tadbiq etishga harakat qilapmiz, - deya davom etadi suhbatdoshimiz. - Shu bilan bir qatorda biz huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida mamlakat universitetlari huquq fakultetlari qoshida ish yuritayotgan yuridik klinikalarni qo'llab-quvvatlayapmiz. Advokat yollash imkoni bo'lmagan fuqarolar yuridik klinikalarda bepul yuridik xizmat olishlari mumkin”.
Hozirgi kunda respublika bo'ylab beshta yuridik klinika ishlab turibdi. Bundan tashqari, mamlakatning yana besh yirik shahrida BMTTD yordamida faoliyat yuritayotgan resurs markazlari mavjud bo'lib, ularda turli xizmatlar, shu jumladan komputer savodxonligi bo'yicha bepul darslar beriladi.
BMTTDning yangi tashabbuslari orasida “Yagona oyna markazi”ni alohida qayd etish lozim.
“Yagona oyna markazi” Toshkentning Sirg'ali tumanida mamlakat tarixida ilk bor barpo etilmoqda.
“Yagona oyna” davlat xizmatlarini ko'rsatishda yangicha yondashuv bo'lib, unga davlat xizmatlariga muhtoj fuqarolar murojaat qilaishlari mumkin bo'ladi”, - deya ta`kidlaydi BMTTD loyiha menejeri Sanjar Saidxo'jayev. “Hozirgi jarayondan farqli o'laroq, YaOMda turli xizmatlar bir joyda, ya`ni bir “oyna” orqali ko'rsatiladi. Masalan, hozirgi kunda bir nechta spravka olish uchun bir necha rasmiyga, hattoki bir necha idoraga murojaat qilish lozim. Yangi tashabbus esa fuqarolarga barcha hujjatlarni bir joydan olish imkonini yaratadi”.
Saidxujayevga ko'ra, agar ilk bor amalga oshirilayotgan loyiha samara bersa, bunday tajribani boshqa tumanlarda ham hayotga tadbiq etish ko'zda tutilgan.
Yangi yo'nalishlardan yana biri - aholining kam ta`minlangan qatlamlarini ish bilan ta`minlashdan iborat bo'lib, BMTTD nogiron insonlar hamda odam kontrabandasi qurbonlari bo'lmish xotin-qizlar uchun ijtimoiy shirkatlar ochishni maqsad qilib oldi.
Tashkilot, shuningdek, inson huquqlari sohasida ish olib borgan loyihaning yangi bosqichini boshlamoqda. Ushbu loyiha doirasida inson huquqlari milliy institutlari salohiyatini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini o'rganib, O'zbekistonda inson huquqlarini ta`minlashga hissa qo'shish yo'lida ishlab kelmoqda. Vaholanki, Qadimgi Yunonistonda vujudga kelgan va yunon tilidan “xalq hokimligi” deb tarjima qilinadigan demokratiya tushunchasi birinchi navbatda shaxs huquqlari va erkinliklari ustuvorligini anglatadi.
Taraqqiyot sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar orasida eng kattasi va ilg'ori bo'lmish BMT Taraqqiyot Dasturi esa taraqqiyot jarayoni markazida har bir inson turishi lozimligi, xalq manfaatlari hamma narsadan ustuvor ekanini o'zining asosiy tamoyillaridan deb biladi.
Gulnoza Saidazimova BMTTDning jamoatchilik bilan ishlar koordinatori.