Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining xizmatlari diqqatga sazovor
chop etish rusumi
08/02/2011Toshkent moliya institutining shinam va zamonaviy o'quv zalida talabalar dars boshlanishini kutmoqda. Ammo bu shunchaki kutish emas, bu kutishda talabalar nigohida qandaydir hayajon va umidni payqash mumkin. Bu qariyb 8 000 talaba o'z kelajagini rejalashtiradigan Toshkent moliya institutida (TMI) “Davlat xaridi” bo'yicha yangi maxsus kurs kiritilganligi bilan bog'liq. O`qituvchi-domla oradan besh daqiqa o'tar-o'tmas kirib keldi va talabalarni hamda kredit-iqtisod fakulteti dekanini olqishladi. “Davlat xaridi” fani lektori – Umar Burxanov o'z darsini O'zbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda uning “O'zbekistonda byudjet tizimi islohoti” loyihasiga davlat moliyasini isloh qilish sohasida va bu islohotlarni amalga oshirish uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan doimiy hamkorligi va ko'magi uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi.
Bir oy oldin BMTTD “O'zbekistonda byudjet tizimi islohoti” loyihasi Toshkent moliya institutida davlat xaridi bo'yicha maxsus kurs kiritish taklifi bilan chiqdi va bu taklif hozirgi kunga kelib o'z samarasini berdi. Hozirda yurtimiz oliy o'quv yurtlarida “Davlat xaridi” maxsus fan sifatida mavjud emasligi hamda Toshkent moliya institutining Moliya vazirligi va byudjet tashkilotlari uchun mutaxassislar tayyorlashda yetakchi oliygoh ekanligini inobatga olgan holda joriy etilgan maxsus kurs sezilarli ahamiyat kasb etadi.
Shuni ta'kidlash joizki, mazkur kurs avvalgi “Davlat moliyasi islohoti” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Davlat xaridi” moduliga asosan o'qitilayotgan bo'lib, modulda davlat xaridi sohasidagi qonunchilikda bo'lgan oxirgi o'zgarishlar bilan birgalikda ushbu sohadagi xalqaro tajriba ham aks ettirilgan. O'zbekistonda davlat harajatlarining YaIMdagi ulushi qaryib 20%ni tashkil qiladi, davlat xaridi esa YaIMning taxminan 10%ini tashkil etadi. Bu esa jahon moliyaviy inqirozi oqibatlarini boshdan kechirgan davlat uchun yuqori ko'rsatkich hisoblanadi. Shuning uchun ham davlat sektoriga ishga joylashgan har bir talaba ushbu muxitning ajralmas bir qismiga aylanadi va davlat moliyasi islohotlarini samarali amalga oshirilishiga o'z hissasini qo'shadi. Bu o'z navbatida davlatimiz o'sish suratlariga va aholi turmush-tarzi hamda daromadlariga ta'sir ko'rsatadi.
Interfaol uslubda o'tkazilgan ikki o'quv mashg'uloti davomida talabalar maxsus kursni diqqat bilan tinglashdi. O'z kelajagi ustida qayg'urayotgan va uni rejalashtirayotgan talabalar davlat xaridi tizimi xalqaro tajribasi borasida hamda O'zbekistonda davlat xaridi tizimi xususida ko'pgina savollar berishdi, go'yoki ushbu mas'uliyatli ish darhol ularning zimmalariga yuklab qo'yilganiday. Ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan va omilkor institut rektori loyiha doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida o'z ixtiyorini bildirdi. Jumladan, institut rektori shunday dedi: “Nazarimda, Toshkent moliya instituti o'quv jarayoniga “Davlat xaridi” kursining kiritilishi loyiha amalga oshirayotgan tashabbuslarning real natijasi sifatida baholanishi mumkin. Negaki bu tashabbus loyihaning moliya sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirishga qo'shayotgan hissasini ko'rsatadi”.