“Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik” loyihasi
Asosiy ma`lumot
2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan davlat sektorini isloh qilish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’lon qilindi. Ma’muriy islohotlar, umuman olganda, mahalliy hokimiyat organlariga vakolatlarni hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ijtimoiy ta’minot masalalari bo‘yicha muayyan vazifalarni berishga qaratilgan edi. Islohotlar jarayonida davlat xizmatchilari sonini o‘rtacha 30 foizga qisqartirish rejalashtirilgandi, natijada ularning umumiy shtatlar soni davlat xizmatchilariga ega bo’lgan 27 ta ma’muriy va ijtimoiy-iqtisodiy tashkilotlarda 40 ming nafar xizmatchilarga qisqartirildi. 2005 yilda ikki palatali professional parlament tashkil etildi; ijro hokimiyatining muayyan vazifalari hokimiyatning boshqa bo‘g‘inlariga berildi, natijada “cheklovlar va qarama-qarshiliklar” tizimi takomillashdi. Shu bilan birga rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar, jumladan hududiy boshqarmalar – vazirliklar tuzilmalari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida vazifalarning muayyan darajada takrorlanishi hali hamon saqlanib qolmoqda.
2010 yilda O‘zbekiston bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan (2010-2015 y.y. mo‘ljallangan) O‘zbekiston rivojlanishiga BMT ko‘magi bo‘yicha doiraviy hujjatga muvofiq (YUNDAF) “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik” loyihasining amalga oshirilishi boshlandi. BMTTD loyihasi tomonidan Jizzax va Namangan viloyatlarida 2010 yil fevralidan 2013 yil dekabr oyigacha amalga oshiriladi. Hamkor ijrochi– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mas’ul tomonlar – Jizzax va Namangan viloyat hokimliklari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirliklar, SSP, boshqa idoralar. Loyiha budjeti 1,.830,000 AQSH dollari.
Maqsadlar
Birinchidan, joylarda davlat boshqaruvini takomillashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish va davlat xizmatchilari kasbiy salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish.
Ikkinchidan, mahalliy hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga quyidagilar orqali ko‘maklashish: 1) jamoatchilik bilan aloqalar va elektron hukumat mexanizmini institutsializatsiyalash; 2) Jizzax va Namangan viloyatlarida kommunal xizmatlarni taqdim etish va rekreatsion resurslarni boshqarish sohasida davlat va xususiy hamkorlik bo‘yicha sinov tashabbuslarini namoyon etish.
Kutilayotgan natija
1-yo‘nalish:
Aholi farovonligini oshirish bo‘yicha vazifalarni yechishga samarali, strategik va amaliy yondashish maqsadida davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalashni joriy etish va yuqori darajada muloqot o‘tkazish.
2-yo‘nalish:
Ijro va vakillik hokimiyat organlarining o‘rtasida, milliy darajada mazkur tashkilotlar ichida ham faoliyatlari va o‘zaro hamkorligini maqbullashtirish uchun institutsional va huquqiy asoslar tahlilini o‘tkazish.
3-yo‘nalish:
Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari faoliyatiga doir ma’lumotlardan aholining foydalanish imkoniyatini ta’minlash.
4-yo‘nalish:
Kasbiy o‘qitish, qishloq/shahar boshqaruviga zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni ilgari surish orqali aholiga davlat xizmatlarini taqdim etish uchun joylardagi davlat xizmatchilari salohiyatini mustahkamlash.
5-yo‘nalish:
Fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni ta’minlash: strategik rejalashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida va ularni mahalliy darajada amalga oshirishda fuqarolar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlarining (FJI) keng ishtiroki mexanizmini institutsionalizatsiyalash.
6-yo‘nalish:
Xususiy sektor bilan hamkorlik: Namangan viloyatida kommunal xizmatlarini taqdim etishga zamonaviy va innovatsion yondashuvlar va Jizzax viloyatida rekreatsion resurslarni boshqarishga oid taqdimotlar.
Ko`chirish uchun xujjatlar