Milliy maqsad 6. OIV/OITS, sil kasalligi va bezgakka qarshi kurashish
7-sonli Milliy vazifa. 2015 yilga borib OIV/OITS tarqalishini to`xtatish va u bilan kasallanishni qisqartirish tendentsiyasini boshlash.
8-sonli Milliy vazifa. 2015 yilga borib sil va bezgak kasalliklari tarqalishini to`xtatish va ular bilan kasallanishni qisqartirish tendentsiyasini boshlash.
O`zbekistonda OIV/OITSning tarqalishi ko`lami
OIV/OITS – organizmning immun tizimi buzilishi natijasida yuzaga keladigan murakkab va o`limga olib boruvchi kasallik. Uning kechishini antiretrovirus terapiyasi vositasida sekilnlatish mumkin, biroq davolab bo`lmaydi. Bunday davolash hali ham juda qimmatga tushadi. Shu bois OITS bilan kasallanganlarning ko`pchiligi o`ladi.
Yigirmanchi asrning oxirida paydo bo`lgan va salomatlikka, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hamda bashariyat xavfsizligiga jiddiy tahdid bo`lgan OIV/OITS tarqalishi xavfiga O`zbekiston ham duch keldi. O`zbekistonda ro`yxatga olingan OIV/OITS holatlarining jami miqdori Markaziy Osiyoda eng yuqori ko`rsatkichdir. 2005 yilda OIVning 2198 yangi holati rasman ro`yxatga olindi. Shunday qilib, ro`yxatga olingan barcha OIV/OITS hodisasining umumiy soni 7810ga yetdi. 2005 yilda OIV hodisasining eng ko`pi Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida qayd etildi.
O`zbekistonda OIV kasalligi bilan og`rigan birinchi kishi 1987 yilda ro`yxatga olindi. 1999 yilda OIV asosan katta yoshli aholi orasida ro`yxatga olingan va uning giyohvandlik bilan barqaror aloqasi kuzatilmagan. Himoya vositasisiz jinsiy aloqa sabab bo`lib, aniqlangan barcha holatlarning 50dan 60%gachasi uning hissasiga to`g`ri kelgan. 2000 yildan boshlab in`yektsion narkotiklarni iste`mol qiluvchilar kasallikning asosiy qurboniga aylanishdi.
Rasmiy statistika ma`lumotlariga ko`ra ayollar jinsiy hayotni 20 yoshdan, erkaklar esa 18 yoshdan boshlaydi.
Bu esa ularda bilim va axborotning yetishmasligi tufayli OIV/OITS bilan kasallanish ehtimoli xavfini oshirishi mumkin.
Rasmiy statistika ma`lumotlari 2005 yilda OIV bilan kasallanganlarning 545 holati in`yeksion narkotiklarni iste`mol qiluvchilarga to`g`ri kelgan, ularning ko`pchiligi 16 yoshdan 23 yosh atrofidagilar bo`lgan.
1999 yildan 2003 yilgacha bo`lgan davrda Qoraqolpog`istonda sil kasalligidan o`lish darajasi 34%ga ko`tarildi, 2004 yilda esa u mamlakat bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan ikki barovar yuqori bo`ldi.
1999 yildan 2004 yilgacha bezgak bilan kasallanish Surxondaryo viloyatida keskin kamayib, 2000 yildagi 66 holatdan 2004 yildagi 30 holatga pasaydi. Surxondaryo viloyatida mamlakat bo`yicha bezgak bilan kasallanishning eng yuqori ko`rsatkichi kuzatiladi.
OIV/OITS tarqalishi bilan bog`liq vaziyat tahlili aholining quyidagi nochor guruhlarini aniqlash imkonini beradi:
- in`yeksion narkotiklar iste`molchilari;
- fohishabozlik bilan shug`ullanuvchi kishilar;
- erkaklar bilan jinsiy aloqada bo`ladigan erkaklar;
- mahbuslar.
So`nggi bir necha yil ichida infektsiyaning onadan bolaga o`tish hollari ortib borayotgani kuzatilmoqda. OIV-infektsiyasini yuqtirgan birinchi homilador ayol 1999 yilda Namangan shahrida ro`yxatga olingan, 2004 yil oxiriga kelib esa ularning umumiy soni 69 nafarga yetdi, shundan 13 yangi hodisa 2004 yilda ro`yxatga olingan.
Bahramand bo`lish oson, samarali bo`lgan va monand xizmatlar, konsultatsiya olish va testdan o`tish, jinsiy yo`l bilan yuqadigan infektsiyadan samarali davolanish uchun anonim punktlar yetishmasligi hamda narkotiklarni iste`mol qilish bilan bog`liq muammolarni, ayniqsa, yuqtirish xavfi juda yuqori bo`lgan aholi guruhlari uchun hal etish bo`yicha sa`y-harakat (shu jumladan o`rnini bosuvchi terapiya) yetishmasligi mavjud. Kompleks xizmat ko`rsatishdan ko`pchilik bahramand bo`la olmaydi va u eng nochor guruhlarga kiruvchi kishilarning 1%inigina qamrab oladi.
Mamlakatda OIV/OITS tarqalishiga qarshi kurashish uchun qanday ish qilinmoqda?
1999 yilda OIV/OITS yuqtirgan shaxslarni kamsitishdan himoya qilish to`g`risida qonun qabul qilindi. Ushbu qonunda bu shaxslarga ta`limda, ijtimoiy himoyada va ishga qabul qilinishda teng huquqlarni, shuningdek davlat sog`liqni saqlash muassasalarida tekin xizmatdan bahramand bo`lish huquqini kafolatlaydi.
2003 yilda O`zbekiston hukumati 2003-2006 yillarga mo`ljallangan OIV/OITS epidemiyasi yoyilishiga qarshi harakat Strategik Dasturini qabul qildi. Unda ustuvor vazifalar belgilandi, markaziy hokimiyat organlarining birgalikdagi harakatni tashkil qilishdagi roli va vazifalari aniqlab berildi.
Hozirgi paytda bir qator ko`p tomonlama va ikki tomonlama tashkilotlar O`zbekistonda OIV/OITS ni profilaktika qilishni takomillashtirishda ko`maklashmoqda. Chunonchi, BMT tizimidagi bir qator agentliklar BMTning OIV/OITS bo`yicha Mavzu (tematik) guruhining umumiy rahbarligi ostida ham davlat tashkiltolari, ham nohukumat tashkilotlar orqali bunday chora-tadbirlarni amalga oshirishda yordam berishmoqda. Jahon banki, Buyuk Britaniyaning Xalqaro rivojlanish departamenti, YUSAID va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi OIVni profilaktika qilish bo`yicha loyihalar turkumini amalga oshirishmoqda.
Sil kasalligi tendentsiyalari va tarqalganligi
JSSTning sil kasalligini nazorat qilish bo`yicha 2003 yilgi Global hisobotiga ko`ra, O`zbekistonda 20 700 kasallanish holati ro`yxatga olingan, ya`ni 100000 kishiga 79 holat to`g`ri keladi, bu 1995 yildagi darajadan deyarli ikki baravar yuqori. Sog`liqni saqlash vazirligi 2002 yilda sildan o`lish 100000 kishiga 12,3 kishini tashkil etganini va 1995 yildan buyon 45%ga ko`payganini xabar beradi. Ustiga ustak, sil kasalligining dori preparatlariga chidamli turlari keng tarqalganligi bo`yicha dalillar mavjud bo`lib, bu o`lim bilan tugash ehtimoli ortishining jiddiy omilidir. Qoraqolpog`istonda o`tkazilgan tadqiqot ma`lumotlariga ko`ra, sil kasalligining bunday turlari mintaqada aniqlangan barcha holatlarning 27 foizini tashkil qiladi. Bu jahonda eng yuqori ko`rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Asosiy muammolar va sabablar
Sil kasalligi, ko`plab boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, O`zbekistonda o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lib, asosan o`smirlar, yoshlar va tug`ish yoshidagi ayollarga yuqadi. 1999-2003 yillarda bu guruhlarda kasallanish darajasi 23%ga ortdi. Ekologik halokat zonasi bo`lgan Orol dengizi mintaqasida sil bilan kasallanish eng yuqori darajada ekanligi kuzatilmoqda. Shuningdek, paxta yetishtiriladigan mintaqalar aholisi ham sil kasalligidan ko`proq azob tortadi, chunki pestitsidlarning keng qo`llanilishi oqibatida mahalliy aholi immunitetiga putur yetgan. Sil bilan kasallanish xavfi omillari: OIV-infektsiyani, quyi ijtimoiy-iqtisodiy maqomni, alkogolizmni, uy-joysizlikni, aholi zich yashashini, immun sistemani zaiflashtiruvchi kasalliklarni va migratsiyani o`z ichiga oladi. 1999 yildan 2003 yilgacha bo`lgan davrda Qoraqolpog`istonda sil kasalligidan o`lish darajasi 345ga ko`tarildi, 2004 yilda esa u mamlakat bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan ikki barovar yuqori bo`ldi.
Bezgak kasalligi tendentsiyalari va tarqalganligi
Bezgak O`zbekistonda 20-asrning o`rtalarigacha keng tarqalgan. Bu kasallik sanitariya sharoiti yaxshilanishi, sog`liqni saqlashni rivojlantirish, tibbiy davolash yaxshilanishi, ko`lmak suv havzalari quritilishi hamda iskabtopar (chivin) kimyoviy va biologik usul bilan qirib tashlanishi tufayli 1950-yillarning oxirida nazorat ostiga olindi. Har yili, asosan, Tojikiston, Afg`oniston va Qirg`iziston bilan chegaradosh janubiy mintaqalar: Farg`ona vodiysi, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bit nechta hodisa ro`yxatga olinadi. Biroq, 1995 yildan, bezgakni nazorat qilish bo`yicha choralar yetarli emasligi bilan bog`liq holda ro`yxatga olinadigan hodisalar soni ortib borayotgani ko`zga tashlandi.
Asosiy muammolar va sabablar
Chegaradosh mamlakatlar – Afg`oniston va Tojikistondagi bezgakning hozirgi ahvolini hamda bu mintaqada infektsiyaning yuqishi yo`llari yangilanishi xavfi kattaligini e`tiborga olib, O`zbekiton Sog`liqni saqlash vazirligi bezgakni nazorat qilishni kuchaytirdi. Bezgak to`g`risidagi 2005 yilgi Global hisobotga ko`ra, 1990-yillarning o`rtalaridan infektsiya olib kirilishi oqibatida bezgak bilan kasallanish soni o`sib bordi: 1994 yilgi 21 holatdan, 2000 yilda 80 holatgacha ko`paydi. 2001 yilda jami 225 kasallanish holati qayd etildi, shundan 53 holat infektsiyani chetdan olib kirish oqibatida yuz bergan. Qirg`zistonda ahvol yanada yomonlashayotgani hisobga olinsa, bezgak O`zbekiston uchun ham muammo bo`lib qolishi xavfi mavjud.
Sil kasalligi va bezgak bilan kasallanishni kamaytirish uchun nima qilinmoqda?
- “Aholini sil kasalligidan himoyalash to`g`risida” Qonun amalda (2001 yil).
- Sil bilan kasallanishning oldini olish va uni kamaytirish strategik dasturi (2004-2008 yillar) amalga oshirilmoqda.
- Bezgakni oldini olish va uni tugatish strategik dastruri (2004-2008 yillar).
- OIV/OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global fondi grantlari olindi.
- BMT sil va bezgakning oldini olishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda birgalikda sa`y-harakat qilmoqda.
tepaga